PREZIDENT MULOQOTI: YOSHLAR SIYOSATI VA OLIY TA’LIM OLDIDAGI YANGI STRATEGIK VAZIFALAR

Prezidentimiz tomonidan yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot mamlakatimiz taraqqiyot siyosatida inson kapitali, bilim iqtisodiyoti va tashabbuskor avlodni shakllantirish ustuvor yo‘nalishga aylanganini yana bir bor tasdiqladi. Mazkur uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslar yoshlar siyosatini alohida ijtimoiy yo‘nalish sifatida emas, balki iqtisodiy o‘sish, innovatsiya, bandlik va global raqobatbardoshlikni ta’minlovchi tizimli davlat siyosati sifatida shakllanayotganini ko‘rsatdi.

Muloqot davomida yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha moliyaviy resurslar ajratilishi, kredit instrumentlarining kengaytirilishi, startaplar uchun investitsiya mexanizmlarining joriy etilishi, biznes inkubatorlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha belgilangan vazifalar oliy ta’lim muassasalari, jumladan institutlar zimmasiga yangi mas’uliyat yuklaydi. Endilikda ta’lim maskanlari faqat bilim beruvchi tizim emas, balki yoshlarning g‘oyasini loyiha, loyihasini esa iqtisodiy natijaga aylantiruvchi amaliy muhitga aylanishi lozim.

Shu nuqtai nazardan, bugungi muloqot oliy ta’lim muassasalari rahbarlari oldiga qator aniq vazifalarni qo‘ydi. Avvalo, har bir rektor o‘z muassasasida talabalar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini yaratishi, startap loyihalarni shakllantirish, ularni moliyaviy manbalar bilan bog‘lash hamda innovatsion muhitni rivojlantirishga shaxsan mas’ul rahbar sifatida yondashishi zarur.

Ta’lim jarayonini real iqtisodiyot bilan integratsiyalash ham ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Rektorlar ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish, dual ta’limni rivojlantirish, talabalarni o‘qish davridayoq kasb, loyiha va daromadga yo‘naltirish bo‘yicha tizimli ish olib borishi lozim.

Ilmiy salohiyatni innovatsion mahsulotga aylantirish masalasi ham alohida urg‘u bilan qayd etildi. Oliy ta’lim muassasalarida “spin-off” loyihalarni yo‘lga qo‘yish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, talabalarni innovatsion faoliyatga keng jalb etish institut rahbarlarining muhim vazifalaridan biri sifatida belgilandi.

Xorijiy tillarni o‘qitish sifatini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, akademik mobilitetni rivojlantirish orqali yoshlarning global mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini ta’minlash ham oliy ta’lim muassasalari rahbarlari oldidagi strategik vazifalardan biri etib ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, yoshlarning bandligi, ijtimoiy faolligi va fuqarolik mas’uliyatini oshirish uchun volontyorlik, ijtimoiy tashabbuslar, ma’naviy va ilmiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, har bir talaba bilan individual ishlash masalasi rektorlarning shaxsiy mas’uliyati sifatida qayd etildi.

Mazkur vazifalar oliy ta’lim muassasalari faoliyatida yangi boshqaruv yondashuvini talab qiladi. Endilikda institutlar nafaqat bilim beruvchi maskan, balki yoshlarning tashabbusi, innovatsiyasi va kasbiy rivojini ta’minlay oladigan kompleks rivojlanish markaziga aylanishi zarur.

Institutimiz jamoasi ushbu ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirishni o‘z faoliyatining muhim vazifasi deb biladi. Yoshlar startaplarini qo‘llab-quvvatlash, innovatsion loyihalarni rivojlantirish, xorijiy tillarni chuqur o‘qitish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda talabalarni real sektor bilan bog‘lash bo‘yicha mavjud imkoniyatlarimizni yanada safarbar etamiz.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar yoshlar siyosati yangi bosqichga ko‘tarilganini, davlat taraqqiyotida bilimli, tashabbuskor va mas’uliyatli avlod hal qiluvchi omil sifatida qaralayotganini yaqqol ko‘rsatdi. Bu esa har bir oliy ta’lim muassasasi, har bir institut rahbaridan yanada katta mas’uliyat, tashabbus va strategik yondashuvni talab etadi.

Karimov Rivojiddin G'ulomjonovich, 
Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti rektori