Is'hoqxon Ibrat - Qatag'on qurbonlari xotirasi muzeyi

IS’HOQXON IBRAT — QATAG‘ON QURBONLARI XOTIRASI MUZEYI

TO‘G‘RISIDA MA’LUMOT

Muzey O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-apreldagi “Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida atoqli ma’rifatparvar Is’hoqxon Ibrat nomidagi yodgorlik majmuasini tashkil etish to‘g‘risida”gi 208-son qarori bilan tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va hududlardagi oliy ta’lim muassasalari tuzilmasida Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 936-son qarori bilan muzeyning Namangan davlat universiteti tasarrufida “Is’hoqxon Ibrat — Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi sifatidagi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-iyundagi “Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-275-son qaroriga muvofiq Namangan viloyati, Yangiobod mahallasi, To‘raqo‘rg‘on ko‘chasi, 22-uy manzilida joylashgan muzey Namangan davlat universiteti tizimidan Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti tizimiga o‘tkazilgan.

Muzey idoraviy mansublik jihatidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga, uslubiy jihatdan esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyiga bo‘ysunadi. Muzey yuridik shaxs maqomiga ega emas va Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti tasarrufidadir.

Is’hoqxon Ibrat — Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi Namangan viloyatidagi yirik ilmiy-ma’rifiy markazlardan biri hisoblanadi. Muzey fondida 700 ta eksponat saqlanmoqda. Ular orasida numizmatika, etnografiya va xalq amaliy san’atiga oid qimmatli to‘plamlar bor.

Muzey joylashgan madrasa binosining gumbazlari, Ibratning tuyalarni yetaklab borayotgani tasvirlangan haykali hamda “paxta ishi” jarayoniga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar majmuada alohida o‘rin tutadi.

Muzey ekspozitsiyasining birinchi bo‘limi Is’hoqxon to‘ra Ibratning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan. Unda uning xorijiy mamlakatlarga qilgan safarlarini aks ettiruvchi xaritalar, hayoti va faoliyatini ifodalovchi fotolavhalar, adabiy merosi haqida ma’lumot beruvchi jadvallar hamda XX asr boshlarida “Turkiston viloyatining gazeti”da e’lon qilingan ilmiy-ma’rifiy maqolalari namoyish etilgan.

Ziyoratchilar e’tiborini doimiy ravishda tortib keladigan eksponatlar sirasiga Is’hoqxon to‘ra Ibrat xorijiy mamlakatlardan olib kelgan buyumlar (patefon, uzuk, muzlatgich, qimmatbaho idish-tovoqlar), uning hayotlik davrida foydalangan ashyolari (ko‘zalar, idish-tovoqlar va shaxsiy jihozlari), shuningdek o‘zi tashkil etgan bosmaxona tarixiga oid materiallar — bosmaxonada faoliyat yuritgan xodimlar surati va u yerda nashr etilgan kitoblardan namunalar kiradi.

Muzeyning ikkinchi bo‘limi Namangan hududida Chor Rossiyasi davridan boshlab mustaqillikka qadar amalga oshirilgan qatag‘on siyosati va uning oqibatlarini ashyoviy dalillar hamda tasviriy vositalar orqali yoritishga bag‘ishlangan.

Bugungi kunda Is’hoqxon Ibrat — Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi Namangandagi yirik ilmiy-madaniy markazlardan biri sifatida o‘zbek xalqi tarixini xolisona yoritib kelayotgan ma’rifat maskanlaridan biri hisoblanadi.